O'stirish tehnikasi Олма

    Ko‘chatlarni ekishga tayyorlash va ekish. Ko‘chatlarni ekishga tayyorlashda avvalo, tomorqa maydonida suvning yurishi hisobga olinib, yer yaxshi tekislanadi. Maydonning har kvadrat metriga 6-10 kg go‘ng (chirindi), 200-250 g fosfor, 100-120 g kaliy va 150-200 g ammoniyli azot o‘g‘iti solinib, chuqur (25-30 sm) haydaladi.

    O‘rik 6×5 m (sug‘oriladigan bo‘z tuproqlarda) va 4×4 m (shag‘alli-qumli tuproqlarda) sxemasida erta bahorda – fevral oxiri–mart oyi boshlarida ekiladi. Ko‘chat ekish uchun chuqurligi va kengligi 60×60 sm bo‘lgan chuqurchalar kovlanadi. Chuqur qazishda tuproq ustki qismining 20-25 sm qatlami o‘raning bir tomoniga, qolgan qismi ikkinchi tomoniga olib qo‘yiladi.

    O‘raga 350-400 g fosfor, 30-40 g kaliy o‘g‘iti hamda 8-10 kg chirigan go‘ngni tuproq bilan aralashtirib solib, keyin ko‘chat ekiladi. Ko‘chatni ekishdan oldin, tayyorlab qo‘yilgan shaltoqqa (yangi mol go‘ngi tuproq bilan 1:1 nisbatda aralashtirilib, qaymoqsimon massa tayyorlanadi) botirib olish lozim.

    Ko‘chat o‘raga tik holda qo‘yilib, tuproq bilan ko‘miladi. Ko‘chatni payvand qilingan joyi tuproqdan 4-5 sm yuqorida qolishi kerak. Ko‘chat ekilgandan so‘ng har bir chuqurga to‘latib suv quyiladi. Shunda tuproq zichlanib, nihol yaxshi ko‘karadi. Tuproq cho‘kkandan so‘ng ko‘chat atrofiga tuproq solib, to‘ldiriladi. Ko‘chatlar tuproqning namligiga qarab vaqti-vaqti bilan sug‘orib turiladi.