
24.06.2020
40 YILLIK TAJRIBAGA EGA FERMER “IFODA”NI SINAB KO‘RDI. NATIJA ESA...
Xalqimiz orasida ajoyib bir naql bor: “Mehnatdan kelsa boylik, turmush bo‘lar chiroylik”. Ha, inson bu dunyoda halol mehnati, peshona teri bilan qadr topadi. Oilasi tinch, turmushi farovon bo‘ladi. Buxoro viloyatida xuddi mana shunday namunali bir inson bor. Bu inson hayotning pastu balandidan o‘tgan, ancha muncha achiq-chuchugini totgan, halol mehnati evaziga el oldida obro‘ topgan, mahalladoshlari orasida hurmat qozongan fermer. 40 yildan ortiq dehqonchilik bilan shug‘ullanib, qishloq xo‘jaligi sohasida katta tajribaga ega bu inson Muhammad Ahmedov, “Madaniyat Muhammad Ismat” fermer xo‘jaligi rahbari.
Chindan ham Muhammad aka yerni juda sevadi. Shundanmi sira charchoq nimaligini bilmaydi. Bir kuni yo‘qki, dalaga chiqib ishlamagan, hosilini ko‘zdan kechirmagan bo‘lsa. Ko‘p yillardan beri astoydil xizmat qilib, xalqimizga g‘alla, paxta yetishtirib, el dasturxonining to‘kin bo‘lishiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Albatta fermerning bunday kamtarona xizmatlari mukofotsiz qolgani yo‘q. 2017 yilda prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Undan avval esa, “Mehnat shuhrati” ordeni va “Shuhrat” medali bilan ham mukofotlangan.
– Hayotiy tajribamdan shuni aytishim mumkinki, halol mehnat qilgan inson hech qachon kam bo‘lmaydi, – deydi xo‘jalik rahbari M. Ahmedov. – Fermer xo‘jaligimizga qarashli 212 gektar yer bor. Shundan 85 gektariga g‘alla, 112 gektariga esa paxta ekkanmiz. Qolgan dalalarimizda boshqa ekinlarni yetishtiramiz. Hosilimiz shukr, yomon emas. Paxtadan o‘rtacha 40-50, g‘alladan 60-70 sentner olib kelyapmiz. Bu natijalarni yana-da oshirish niyatimiz bor.
Xo‘jalik rahbari hosilni ko‘paytirish maqsadida Ifoda kompaniyasi bilan hamkorlikni boshlab yuborgan. To‘g‘risini aytsak, Muhammad aka shu paytgacha Ifoda mahsulotlariga ishonmagan. Agronomlarning bir necha bor taklifiga qaramay, hamkorlik qilishdan bosh tortgan. Sababini so‘rasak, ko‘p yillik tajribaga ega inson o‘zi sinab ko‘rmagunicha biror kishining gapiga yoki reklama va bannerlarga ishonmasligini aytadi.
– Toki o‘zim sinab ko‘rmaguncha, har xil reklama va odamlarning gapiga ishonmayman. Nima qilay, tabiatim shunaqa, – deydi fermer. – Ifoda agronomlari meni ishontirishi qiyin bo‘lgan. Keyin “bir marta sinab ko‘raychi, mendan nima ketti” deya sinab ko‘rishga qaror qildim. Bug‘doyga sal kechikib bo‘lsada, 4 marta ishlov berdik. Albatta natijalar yomon bo‘lmadi. Xulosam shuki, Buxoro viloyati iqlimi, tuprog‘i va ob-havo sharoitini inobatga olib mineral o‘g‘itlar bilan birgalikda Ifoda mahsulotlarini ishlatsak, sifatli va yuqori hosil olish mumkin ekan. Kamida 10 sentner qo‘shimcha hosil olsa bo‘ladi. Bu ham qo‘shimcha daromad-da, to‘g‘rimi? Biz hali bu yil to‘liq ishlay olmadik. Kelasi yili ekishdan to yetishtirishgacha “Ifoda” bilan hamkorlik qilishni maqsad qildim. Ishonamanki, natija biz kutgandan ham aʼlo bo‘ladi.
“Madaniyat Muhammad Ismat” fermer xo‘jaligi ko‘p tarmoqli bo‘lgani bois, dehqonchilikdan tashqari asalarichilik, baliqchilik, chorvachilik tarmoqlari bilan ham shug‘ullanib kelmoqda.