
18.02.2021
G‘ijduvonda sabzavot yetishtirish bo‘yicha ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi
Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida “Usmon Sher Shamshod” MCHJ shaklidagi meva-sabzavotchilik klasterida kartoshka ekishga bag‘ishlangan viloyat miqyosidagi ko‘rgazmali seminar tashkil etildi. Unda viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, agrar kompleksga daxldor korxona-tashkilotlar, hudud sektorlari mutasaddilari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari, tijorat banklari vakillari qatnashdilar.
Tadbirni viloyat hokimining Qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Amrillo Nazarov ochdi. Maʼlumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilda viloyat bo‘yicha fermer xo‘jaliklarning asosiy maydonlarii 130 gektarida, shuningdek, 188 gektar bog‘-tokzor qator oralarida kartoshka yetishtirilgan bo‘lib, shundan 4 ming 581 tonna hosil olingan. Aholi talab-ehtiyojini inobatga olib, bu yil chetdan mahsulot olib kelishni keskin qisqartirish maqsadida kartoshka yetishtiriladigan yalpi maydon 430 gektarga oshirilgan. Bundan tashqari, har bir fermer xo‘jaligida bu yil kamida 50 sotixda, aholi xonadonlarining har birida esa 2-3 sotixda kartoshka yetishtirish lozimligi alohida uqtirildi.
Shundan so‘ng so‘zga chiqqan “Urug‘chilikni rivojlantirish markazi” DK viloyat boshqarmasi, Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti Buxoro ilmiy tajriba stansiyasi, viloyat “Agrokimyohimoya” AJ, “IFODA” kompaniyasi, “Usmon Sher Shamshod” MCHJ meva-sabzavotchilik klasteri mutasaddilari ochiq ekin maydoni, bog‘-tokzor qator orasiga sabzavot, kartoshka va poliz ekinlarini ekishda zarur agrotexnik tadbirlar va ularning samaradorligi, qolaversa, ekinlarni zararkunandalardan himoya qilishning afzalliklari xususida to‘xtaldilar. Muhimi, har yilgiday, mahallalarda xonadonma-xonadon yurib, ertangi kartoshka ekishni bir oy muddatda, yaʼni 10 martgacha uyushqoqlik bilan tashkil etish belgilandi. Mutaxassislar eʼtiroficha, agrotexnik qulay muhitdan foydalangan holda bu yilgi mavsumda 5 ming 838 gektar maydonda sabzavot, 2 ming 446 gektar maydonda poliz ekinlarini yetishtirishga qaror qilingan.

Ertangi kartoshka yetishtirish va undan yuqori hosil olish uchun o‘suv davri 90 kungacha bo‘lgan “Zarafshon”, “Arnova”, “Bahro–30”, “Red-Skarlet”, “Sante”, “Alvara”, “Memfis”, “Binella”, “Kosmos”, “Karatop” kabi sara navlar tanlab olingan. Shuningdek, ertangi kartoshka uchun poliz, piyoz, karam, kechki bodring, sabzi va dukkakli don ekinlaridan bo‘shagan yerlar yuqori hosil beradi.
Ko‘rgazmali seminarda hududlarda yer maydonini namunali tayyorlash, ekish mavsumi uchun mineral o‘g‘it, qolaversa, dorilangan sifatli urug‘lik taʼminoti, ekiladigan maydonlarni meʼyorida sug‘orishni tashkil etish, shuningdek, qator oralariga ekish agrotexnikasi yuzasidan yig‘ilganlarga alohida tushuntirish berildi..