Assalomu alaykum, qadrli dehqon va fermerlar!

28.03.2020

180

Assalomu alaykum, qadrli dehqon va fermerlar!

Dunyoda bo‘layotgan vaziyatdan barchamizning xabarimiz bor. Koronavirus ham bir insoniyat boshiga kelgan sinov ekanligini yaxshi tushunib turibmiz. Inson salomatligi naqadar azizligini shu kunlarda chuqurroq anglayottgandekmiz go‘yo. Ammo tashvishga tushmaslik, vahimaga berilmaslik kerak. Bu baloga qarshi hukumatimiz boshchiligida barcha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Shu o‘rinda aytishim kerak, kompaniyamiz davlatimiz tomonidan qabul qilingan barcha qarorlarni, tegishli ko‘rsatmalarni to‘la qo‘llab-quvvatlaydi va bunday favqulotdagi holatda doim hukumatimiz yonida ekanligini bildiradi. Hozirgi murakkab vaziyatda yagona chora ham shu aslida. Davlatimiz ko‘rsatmalariga amal qilishimiz va bunga qatʼiy rioya etishimiz lozim. Bu nafaqat bizning salomatligimiz, balki, kelajagimiz uchun ham muhimdir.

Mana shunday sharoitda maydonga chiqqan shifokorlarimiz, ularning ko‘rsatayotgan jasoratlari tahsinga loyiq. Ayrim hollarda biz qadriga yetmagan bunday jonkuyar insonlar hozir barchamizning jonimizga oro kirishmoqda. Ularning zimmasida judayam masʼuliyatli vazifalar borligini, bu vazifalar og‘ir va mashaqqatli ekanligini tushunamiz. Biz ham ularni olqishlaymiz va jamoamiz nomidan o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.  

Albatta shu qatorda siz azizlar – dehqon va fermerlar ham olqishimizga munosibsizlar. Siz kechani kecha, kunduzni kunduz demay, mamlakatimizning oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda, aholining sog‘lom hayot kechirishlari uchun zarur mahsulotlarni yetishtirishda jon koyitmoqdasiz, ter to‘kib mehnat qilmoqdasizlar. Har kuni tongda yaxshi niyatlar bilan bomdod nomozidan so‘ng ketmon ko‘tarib dalaga otlanasiz, xalqimizning ertangi rizqi uchun o‘z hissangizni qo‘shib kelmoqdasiz. Dasturxonimizdagi noz neʼmatlar sizning irodangiz, sabringiz va peshona teringiz samarasi, buni yaxshi bilamiz. Ayniqsa bugungi epedimiologik vaziyatda hamma uyda o‘tirsa, siz hamon daladasiz. Bu ham bir jasorat, bu ham bir qahramonlik, shunday emasmi? 

Biroq bundan havolanmaslik, hotirjamlikka berilmaslik kerak. Aksincha bir-birimizni qo‘llagan holda birlashishimiz, jipslashishimiz, yana-da qattiqroq mehnat qilishimiz, mehnat qilganda ham samarali va sifatli mehnat qilishimiz kerak. Axir butun dunyoda iqtisodiy inqiroz, oziq-ovqat yetishmovchiligi xavf solib turgan bir paytda, xalqimizning ertangi kuni qaysidir maʼnoda sizlarning, bizlarning qo‘limizda.  Shuni chuqur his qilgan holda meva-sabzavotlarni, bog‘dorchilik mahsulotlarini, bug‘doy va boshqa ekinlarni ekish, uni parvarishlash, sug‘orish va o‘g‘itlash ishlari, qolaversa, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish ishlariga jiddiy qarashingiz, masʼuliyat bilan yondoshishingiz kerakligini so‘rab qolaman. Bir narsa aniqki, dunyoda koronavirus tarqalgan ushbu vaziyatda xoh u boy yoki kambag‘al bo‘lsin, hech kim hashamat, mol-dunyo haqida o‘ylamaydi. Ular sog‘lik, yashab qolish uchun oziq-ovqat haqida o‘ylaydi. Bu sizning o‘rningiz muhimligidan darak.

Shubhasiz bu borada sizlarga yaqindan ko‘mak berishga, doim qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. Ifoda kompaniyasi haftaning 7 kunida 24 soat ishlaydi. Viloyatlardagi 50 nafar agronom doim xizmatingizda. Bundan tashqari sizlarga yana-da qulaylik yaratish maqsadida hozirgi vaziyatni inobatga olib mahsulotni masofadan turib buyurtma qilish orqali yetkazib berish xizmatini ham yo‘lga qo‘ydik. Tunu kun ishlaydigan (78) 147 05 00 koll-markazi sizlarning barcha savollaringizga mutaxassislarimiz javob berishadi. Shuningdek, zarur mahsulotlarni shu orqli buyurtma bersangiz tez fursatlarda uni yetkazib berishadi. Bundan tashqari telegram xizmati orqali agromaslahat (@ifodaagroconsulting) xizmati tashkil etilgan bo‘lib, o‘simliklarni himoya qilishdagi zarur ko‘rsatmalar berib boriladi. “Ifoda” doim sizlar bilan birga.

Fursatdan foydalanib, yurtimizdagi barcha mirishkorlarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Sizlarga sihat-salomatlik, xayrli va barakali ishlaringizda Alloh madadkor bo‘lishini tilayman. Hosilingiz mo‘l, topganingiz barakali bo‘lsin. Bemorlarimiz shifo topsin. Xalqimiz tez orada koronavirus degan bu balodan butkul xalos bo‘lishiga ishonaman.  

Hurmat bilan Qodirbek Mirzamahmudov,

“Ifoda Agro Kimyo Himoya” MCHJ Bosh direktori

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring:

@ifodaagroconsulting, @ifodapaxtagalla, @bogdorchlilikifoda, @issiqxonaifoda

#vahimasizkarantin

#uydaqoling

Manzil qo'shish

Fikr-mulohaza so'rovi shakli