
20.02.2021
BAHOR OYLARIDA MEVALI DARAXTLAR PARVARISHI
Toshkent viloyati, Zangiota tumanida “IFODA” kompaniyasining Bog‘dorchilik bo‘yicha tajribali agronomi Dilshod Jo‘rayev, yetakchi agronomi Ikromjon Jo‘rayev hamda Toshkent viloyati bo‘yicha agronom Hamro Otajonovlar tomonidan bahoroldi mavsumda mevali daraxtlarni qirqish bo‘yicha bog‘bonlar uchun ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.
Unda mevali daraxtlarni turlariga qarab qirqish jarayonlari ko‘rsatib berildi. Agronomlar tavsiyasiga ko‘ra, danagi bor mevali daraxtlarni erta bahorda qirqqan maqsadga muvofiq. Urug‘li mevali daraxtlarni esa kuz-qish mavsumida ham qirqsa bo‘ladi. Ayrim mevali daraxtlar chanqatib sug‘orilganda yoki danakli mevali daraxtlar kuz payti qirqib qo‘yilganida tanasidan yelimsimon modda ajralib chiqadi. Buning oldini olish va ushbu kasallikni davolash uchun tarkibida misning xlorli oksidi bo‘lgan “Entoxlorok” suspenziyasi daraxtga cho‘miltirib sepiladi. Shuningdek, mevali daraxtlarga ishlov berishda “Entoxlorok Plyus”, yoki “BORDO” preparatlari ham qo‘llaniladi.

Bahorda daraxt kurtaklari uyg‘onmasdan oldin kasalliklarga qarshi tarkibida mis saqlovchi preparatlar sepish tavsiya qilinadi. Mevali daraxtlar gullab, gullarini 80 foiz to‘kkanidan keyin esa zararkunandalarga qarshi ishlov o‘tkaziladi. Shuningdek, mevalari pishib yetilgunga qadar har 15-20 kunda profilaktik chora-tadbirlar o‘tkazib boriladi.