
30.06.2020
DEHQON NATIJA BILAN JAVOB BERADI
Iyun oyining 20 sanasidan iyul oyining 10 sanasigacha g‘o‘zaning ashaddiy kushandalaridan biri bo‘lgan ko‘sak qurti (g‘o‘za tunlami) g‘o‘zaga jiddiy xavf tug‘diradigan davr hisoblanadi. Shu vaqt mobaynida bu zararkunandaga qarshi kurashilmasa, hosilni 50-60 foizgacha yo‘qotish hech gap emas.

G‘o‘za tunlami 200-300 donagacha tuxum qo‘yadi. Tuxumlar 7-8 kun oralig‘ida lichinkaga aylanadi va shu davrdayoq g‘o‘zaga zarar berishni boshlaydi. Dastalab shonaga, so‘ngra pastroqqa tushib kichik ko‘saklarga va bora-bora katta ko‘saklarga ham ziyon keltiradi, yeb quritadi, bu o‘lgur. Odatda bu zararli hasharot qish faslida yerga kirib jon saqlaydi. Qishning o‘z vaqtida va sovuq kelishi, yerning muzlashi esa ko‘sak qurtining qirilib ketishiga sabab bo‘ladi. Aksiga olib deng, bu yil qish ham ko‘ngildagidek kelmadi. Shuning uchun bu “noinsoflar”ga qarshi o‘z vaqtida va samarali kurashmasa bo‘lmaydi.
Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi “O‘rtasaroy Agroinvest” fermer xo‘jaligida mana shunday kurash allaqachon boshlab yuborilgan. Bu kurashda hozircha fermerning qo‘li baland kelmoqda. Sababi xo‘jalik rahbari Abdulla Toshxo‘jayev Ifoda kompaniyasi bilan hamkorlikda uning feromon-tutqichlarini qo‘llashmoqda.
Fermer haqida qisqacha. Abdulla aka olim agronom. Qishloq xo‘jaligi sohasida 43 yillik tajribaga ega inson. Oddiy tabelchilikdan Fermerlar kengashi raisigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan. Uning qaramog‘ida 158 gektar yer bor. Uning 92 gektari paxta, qolgani esa g‘alla. “O‘rtasaroy Agroinvest” fermer xo‘jaligi 2002 yilda tashkil etilgan. 2005 yildan beri “Ifoda” bilan hamkorlik qilib keladi.

– Ayni paytda bunday zararkunandalarning 3 davri boshlangan. Bu eng xavfli davr, – deydi A. Toshxo‘jayev. – Shu bois bunga qarshi feromon-tutqichlarni qo‘yganmiz. Tan olaman, avvallari boshqa feromonlardan foydalangan, “Ifoda” feromonlariga unchalik ishonmaganman. O‘tgan yili sinov tariqasida 2 ta xuddi shunday tutqichlardan foydalanganmiz. Natija esa bizni hayron qoldirdi: kuniga 15-17 tagacha g‘o‘za tunlamini ushlab berdi. Hozir ham mana shu feromonlarni qo‘yganimizga 3 kun bo‘lgan bo‘lsa, ko‘rishingiz mumkin 30-40 ta zararkunandaning “boshini yebdi”.
Fermerning ushbu maydonida 14 dona tuzoqlar qo‘yilgan. Bu tuzoqlar har 3-4 kunda almashlab turish tavsiya etiladi. Shuningdek, ko‘sak qurti yoppasiga tarqalib ketishini hisobga olsak, samarali kurashish uchun kimyoviy ishlov o‘tkazish ham maslahat beriladi.
– Ko‘sak qurtiga qarshi bir nechta preparatlarni tavsiya etamiz, – deydi Ifoda kompaniyasining Toshkent viloyati bo‘yicha savdo menejeri Dilmurod Safarov. – Buning uchun ENTOVANT PRO gektariga 250-300 grammdan, PROTEKT 400-500 grammdan ENDOKSAMIKTIN gektariga 500-600 grammdan qo‘llash kerak bo‘ladi.
“O‘rtasaroy Agroinvest” fermer xo‘jaligi rahbari feromon-tutqichlardan foydalanayotgani uchun kimyoviy ishlov hozircha shart emasligini aytadi. Biroq dehqon natija bilan javob berar ekan, mana shunday kushandalarga qarshi kerakli choralarni o‘z vaqtida qo‘llash lozim.
Maʼlumotlarga ko‘ra, 2020 yilda g‘o‘za tunlami Respublika bo‘yicha 384,3 ming gektar maydonga tarqalib, kimyoviy ishlov o‘tkaziladigan maydon takror ishlash hisobiga 988,9 ming gektarda o‘tkazilishi bashorat qilinmoqda.
Maslahat markazi 78 147-05-00
Bizni kuzatishda davom eting!
👉@ifodapaxtagalla
👉@bogdorchilikifoda
👉@issiqxonaifoda