
14.07.2020
HAMKORLIKKA HAR VAQT TAYYORMIZ
Namangan tumanidagi “Toshbuloq tekst” MCHJga qarashli dala maydonlaridamiz. Bu klaster hududdagi fermerlar joniga oro kirdi deb aytish mumkin. Sababi tumandagi ko‘plab fermer xo‘jaliklari suv muammosidan, zarur texnika va o‘g‘itlarning yetishmasligidan qiynalib kelishgan. Shu bois hosil ham shunga yarasha bo‘lgan. Biroq klaster faoliyati yo‘lga qo‘yilganidan so‘ng bu muammolar bartaraf etilib, hosilni ikki hissa oshirish imkoniyati paydo bo‘lgan.
– Bizda oqava suv yo‘q, nasos orqali sug‘oramiz. Ekinimizga ayni suv kerak mahal nasos buzilib qolardi. Bu esa, qo‘shimcha xarajat, ortiqcha bosh og‘riq, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari Abdumutal Raxmonov. – Shu suv muammosini yechish uchun paxtani qo‘shqator ekkanman. Chunki qo‘shqatorda ko‘chat hisobidan yutiladi, bir suv ichsayam 30 sentner hosil olsa bo‘ladi-da. Hozir esa unaqa muammo yo‘q, qo‘shqatorga qolgan kunimiz ham yo‘q. Klasterga qo‘shilganimizdan so‘ng, nasos tuzatamiz demaysiz, texnika qidirib, dori izlab yurmaysiz, barchasi muhayyo. Faqat ishlash kerak, xolos. Klastergacha paxta rejasini 50-60 foizgacha bajarardik. Hozir esa, masalan, o‘tgan yili belgilangan rejani 108 foizga ortig‘i bilan bajardik. Shuning o‘zi yutuq emasmi?

Shu o‘rinda klaster haqida. “Toshbuloq tekst” MCHJ tarkibida 20 ta fermer xo‘jaliklari bo‘lib, klasterga qarashli 608 gektar paxta maydoni bor. Shuningdek, tumandagi 5,5 ming gektardan ortiq paxta dalalariga xizmat ko‘rsatib keladi. Ifoda kompaniyasi bilan tashkil etilgandan beri hamkorlikda ishlab keladi.
Ochig‘ini aytish kerak, avallari hududdagi fermerlar birgina paxtaning o‘zidan 30-35 sentnerdan ortiq hosil ololmagan. Hozirda esa, bu ko‘rsatkich 40-45 va hatto 50 sentnergacha yetmoqda.

– O‘tgan yili ushbu klasterga qarashli maydonlarda tajriba tariqasida chigitni yerga qadashdan to hosil olgungacha bo‘lgan davrda birgalikda yetishtirdik, – deydi agronom Otabek Qudratov. – Hosil kutilgan natijani berdi: 47 sentner. Shundan so‘ng boshqa xo‘jaliklar ham bizga murojaat qilishdi. Aytmoqchimanki, har qachon, har payt biz hamkorlikka tayyormiz. Zarur bo‘lgan maslahatlarimizni hech qachon ayamaymiz.