
18.06.2020
HOKIM EʼTIROFI: “O‘ZBEKISTONDA O‘XSHASHI YO‘Q KORXONA”
Qishloq xo‘jaligida tarkibida azot, fosfor, kaliy moddalari bo‘lgan o‘g‘itlarga talab juda yuqori. Shu bois “Ifoda” kompaniyasi Respublikamizdagi fermer va dehqonlarni mana shunday o‘g‘itlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish maqsadida Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida NPK o‘g‘itlarini ishlab chiqaruvchi alohida korxona ochilishini maqsad qilgan. Korxona sentyabrgacha ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.

Foto manba: Namangan viloyati hokimligi
Kuni kecha mazkur ishlab chiqarish sexiga Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov tashrif buyurib, bu yerdagi ish faoliyati, ishlab chiqarish hajmi, kutilayotgan natijalar va korxonaning kelgusidagi istiqboli bilan tanishdi. Hokim uchrashuv davomida ushbu ishlab chiqarish sexini “O‘zbekistonda o‘xshashi bo‘lmagan korxona” deya atadi. Albatta bunga yetarlicha sabab bor. Chunki bu yerda ishlab chiqariladigan mahsulotlar kuchli laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilib, o‘g‘itlarning tarkibi hududlardagi tuproq unumdorligi, sharoiti va xususiyatiga qarab o‘zgartirib borilishi hamda shunga qarab zarur elementlar qo‘shilishi rejalashtirilgan.

Foto manba: Namangan viloyati hokimligi
Taʼkidlash kerak, mazkur korxona 3 million dollarlik investitsiyaviy loyiha bo‘lib, yiliga 100 ming tonna NPK(azot, fosfor, kaliy) va tarkibida mikroelementlar bo‘lgan mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Bu mahsulotlar bilan nafaqat mahalliy bozorni taʼminlash balki, hozirdan xorijiy davlatlar, xususan, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya mamlakatlari qiziqish bildirmoqda.
Qurilish bo‘yicha barcha ishlar yakuniga yetib qoldi, faqat endi mahsulotlarni ishlab chiqarish texnika va texnologiyalarni sozlash, uskunalarni joylashtirish ishlari qoldi, – deydi “Ifoda” zavodi direktori Sanjar Hakimov. – Mazkur korxonamiz ishga tushirilgandan so‘ng, boshlang‘ich bosqichda 30 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu hali yana kengayishi mumkin. Nasib qilsa, 50 foizgacha mahsulot eksport qilishni reja qilganmiz.
Korxona ishga tushirilgandan so‘ng yillik eksport salohiyati 25 million dollar bo‘lishi kutilmoqda.