
14.07.2020
HOKIMLIK BILAN HAMKORLIKDA DALALAR KO‘ZDAN KECHIRILDI
Surxondaryoda g‘o‘za rivojiga katta ahamiyat berilmoqda. Xususan, viloyat va tuman, shahar hokimligi, qishloq xo‘jaligi sohasi masʼullari, klaster rahbarlari va agronomlar, shuningdek, Ifoda kompaniyasi Surxondaryo filiali agronom-mutaxassislari bilan hamkorlikda g‘o‘zaning hozirgi holati, rivojlanishi, o‘simlikda ayni paytda uchrayotgan muammolar va ularni bartaraf etish choralari, qolaversa, hosilni yana-da oshirish maqsadida joylarga chiqib o‘rganildi.

Jumladan, kuni kecha Sherobod tumani hokimi Alisher Amirov boshchiligidagi bir guruh masʼullar tumandagi bir qancha fermer xo‘jaliklarida bo‘lishdi. Ifoda kompaniyasining faol agronomlaridan biri Gulsara Xolboyeva bilan birgalikda dalalar ko‘zdan kechirildi. Aytish kerak, hududdagi ko‘plab fermer xo‘jaliklari “Ifoda” bilan hamkorlikda, birgalikda ekin yetishtirishadi. Shu bois Gulsara opa xo‘jaliklardagi paxtaning holati, shu paytga qadar o‘tkazilgan ishlovlar, kasallik va zararkunandalar hamda bundan keyingi amalga oshirilajak ishlovlar xususida batafsil maʼlumot berdi.

– Albatta barcha maydonlarda ham g‘o‘zaning rivojlanishi maqtanarli darajada emas, – deydi agronom G. Xolboyeva. – Lekin shunday bo‘lsada, qo‘l qovushtirib qarab bo‘lmaydi. Ayni paytda bu paxta maydonlarida kompaniyamizda mavjud ENTOJEAN preparatini qo‘llash vaqti keldi. Bu o‘simlikning g‘ovlab ketmasligini oldini olib, bor energiyani hosilga berishiga yordam beradi. Organik ozuqalarimizdan POTEX, ANKA SUPER, IFO PZN preparatlarini ham qo‘llasa maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Uchrashuv mobaynida agronom shu kabi hosilni oshiradigan, g‘o‘zani rivojlantirishga yordam beradigan o‘z taklif va tavsiyalarini berdi.