
14.12.2020
IFODA - BALSOM: YANGI ISTIQBOL SARI
Yaponiyaning mashhur “Balsom Co., Ltd” xususiy xoldingi O‘zbekistonda kompleks o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi yirik korxona – “Ifoda” kompaniyasiga 10 million AQSH dollar miqdorida investitsiya kiritadigan bo‘ldi. Investitsiya doirasida bir qancha loyihalar amalga oshiriladi.
Tan olish kerak, xususiy kompaniyalar tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hali kam uchraydi. Umuman boshqa yo‘nalishlarda nom qozongan, qishloq xo‘jaligiga begona bo‘lgan “Balsom Co., Ltd” Ifoda kompaniyasining sohada katta tajribaga egaligi, uning kelgusi istiqboli hamda bozor munosabatlari sharoitida jahon standartlari talabiga javob bergani, shuningdek, Xalqaro sertifikatlarga egaligi, marketing va menejment yo‘nalishida rivojlangan davlatlardagi kabi ish yuritib kelayotgani bois hamkorlik qilishga qaror qildi.
Maʼlumot o‘rnida, “Ifoda” yiliga 100 ming tonnaga yaqin kimyoviy vositalar ishlab chiqaradi. Hozirda 30 ming nafardan ortiq fermerlar, 50 ga yaqin klasterlarga xizmat ko‘rsatadi. O‘tgan yilgi savdo hajmi 211,1 mlrd.ni tashkil qilgan.
Kompaniyaning asosiy maqsadi – xorijiy investitsiyalarni jalb qilib, chet ellik hamkorlar bilan ikki tomonlama manfaatli bo‘lgan iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, eksport salohiyatini oshirib, dunyo bozoriga chiqish va albatta yurtimiz iqtisodiga munosib hissa qo‘shishdir.