
24.12.2020
IFODA KOMPANIYASI MAHSULOTLARI ENDI TURKIYADA
Xabaringiz bor, so‘nggi paytlarda Ifoda kompaniyasi va u ishlab chiqarayotgan mahsulotlarga qiziqish tobora ortib bormoqda. Ayniqsa, xorijiy kompaniyalar, yirik investorlar kompaniya istiqboliga ishonch bildirib, ikki tomonlama o‘zaro manfaatli bo‘lgan hamkorlik shartnomalarini imzolashmoqda.
Shu qatorda Turkiyaning “CGC TARIM GIDA VE GIDA TAKVIYELERI KIMYA DIŞ TICARET A.Ş” firmasi ham “Ifoda” mahsulotlariga qiziqish bildirdi. Mazkur turk firmasi bilan hozircha 15 turdagi o‘g‘itlarni eksport qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Kelishuv shartlariga ko‘ra, ushbu mahsulotlar Turkiya davlati qishloq xo‘jaligida o‘zini oqlasa, kelgusida doimiy hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Albatta, xorijdan bozor topishning o‘zi bo‘lmaydi. Tinimsiz izlanish, sifat va samara yo‘lidan borayotgan Ifoda kompaniyasi buning uddasidan chiqmoqda. Kompaniyaning mahsulotlar sifati, ishlab chiqarishning xalqaro standartlarga to‘la javob berishi, zamonaviy marketing va menejment bu borada asosiy omil bo‘lib xizmat qilmoqda desak, aslo mubolag‘a emas.