ILM BILAN OLAM KO‘KARAR

22.11.2019

124

ILM BILAN OLAM KO‘KARAR

Har bir sohaning rivojida ilmiy yondashuvning ahamiyati yuqori. Don va dukkakli ekinlar ilmiy tadqiqot instituti Qashqadaryo filialida g‘alla hosildorligini ko‘paytirish, sifatli va barakali mo‘l-hosil yetishtirishga qaratilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar samarali olib borilmoqda. Bu mavsumda ham institut mutaxassislari turli navdagi bug‘doy urug‘ini ekib, tajriba va nazorat shaklidagi dala maydonlarini tashkil etishdi. Bu yerda qisqa rotatsiyali almashlab ekish, donni maqbul muddatlarda yerga qadash, shuningdek, mahalliy o‘g‘it va boshqa kimyoviy vositalarni qo‘llash yordamida sinovlar o‘tkazilmoqda. 

  • 2020 yil hosili uchun ushbu maydonimizda kuzgi bug‘doyni tizmalari sinovdan o‘tkazilmoqda, – deydi Don va dukkakli ekinlar ilmiy tadqiqot instituti ilmiy kotibi Akbar ABDUAZIMOV. –  Asosan seleksiya jarayonida o‘rganilayotgan tizmalarni biz Respublikamizning janubiy mintaqalari uchun issiqlik va qurg‘oqchilikka chidamli navlarni yaratishga, shu bilan birgalikda sug‘oriladigan maydonlar uchun sariq zang kasalligiga chidamli navlar yaratishda qo‘llaniladi. Bundan tashqari 11 gektar maydonda o‘zimizda kashf etilgan navlarning urug‘chiligi bilan shug‘ullanamiz. Yana filialimizning asosiy maqsadlardan biri - boshoqli va dukkakli ekinlarning agrotexnologiyasini takomillashtirishdir. Bunda ekinlarning ekish meʼyori va muddatlari, ozuqaga bo‘lgan talablari o‘rganiladi.

Institut jamoasi Ifoda kompaniyasi bilan hamkorlikda uning preparatlarini ham qo‘llab, tajriba o‘tkazmoqda. Maydonning maʼlum bir qismida urug‘lik don IFO SEYED preparati bilan dorilab ekilgan edi. Endigi navbat esa, bo‘ylab qolgan nihollarni oziqlantirish maqsadida IFO-PZN va ANKASUPER kabi kimyoviy vositalarni qo‘llashdan iborat.

Mutaxassislarning fikricha, bug‘doy o‘simligi tuproqqa beriladigan o‘g‘itning atigi 28 foizini o‘zlashtirar ekan. Ammo suspenziya bargdan berilganda esa bu ko‘rsatkich 70 foizdan oshadi. Demak, ekin uchun kerakli ozuqalarni barg orqali uzatish ancha samarali.

Manzil qo'shish

Fikr-mulohaza so'rovi shakli