
29.11.2019
KO‘CHAT EKAYOTGANDA NIMALARGA EʼTIBOR BERISHIMIZ KERAK?
Ko‘chatni yerga qadagandan so‘ng yaxshi parvarish, sifatli agrotexnika muhim, ammo uni ekayotganda ham eʼtibor qaratish lozim bo‘lgan shunday jihatlar borki, bu sog‘lom daraxt, sifatli meva va turli kasalliklardan yiroq daraxt bo‘lib yetishishini taʼminlaydi. Ko‘pgina daraxtlarning parvarishlarga qaramay, erta qurishi hamda rivojlanmay qolishining aosiy omili ham aynan shunda. Xo‘sh, ekishdan oldin nimalarga ahamiyat berishimiz kerak?
Alisher MAMATVALIYEV, yetakchi agronom:
-
Daraxt ekishdan oldin bir nechta amallarni bajarishimiz kerak bo‘ladi. Dastlab ulardagi zararlangan ildizlar kesib tashlanadi. Chunki bu ildizlar orqali turli kasallik va boshqa salbiy omillarning taʼsir etish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Daraxtda o‘z o‘zini tiklash xususiyati bor. Shuning uchun kesilgan ildiz o‘rnida tez orada yangisi hosil bo‘ladi. Navbatdagi eʼtibor qaratishimiz lozim bo‘lgan jihat shundaki, ko‘chatimizda ortiqcha bo‘lgan, yaʼni biz “yovvoyi novda” deymiz, o‘shalar olib tashlanadi. Bu berilgan ozuqaning tanaga singishi, shuningdek, niholning tezroq o‘zini tutib olishiga yordam beradi. Kesish ishlarimizning so‘ngisi, bu ko‘chatning bo‘yidan olamiz. Bunda danakli daraxt bo‘lsa 50, urug‘li daraxt bo‘lsa odatda 60 sm qilib kesib olinadi.
Bundan tashqari agronom ekishdan oldingi o‘g‘itlash ishlarining muhimligin ham taʼkidlab o‘tdi. Unga ko‘ra, VL-77 preparatidan 10 litr suvga 30-40 g miqdorda solib yaxshilab aralashtiriladi va ko‘chat tomiri botirib olinadi. Shuningdek, ekilgandan so‘ng ham tuproqqa quyilsa yaxshi samara beradi. Uy sharoitida esa, gung va tuproqdan suyuq aralashma hosil qilinib, huddi shunday daraxt ildizi botirib olinadi. Bu tadbir ko‘chatning to o‘zini tiklab olgungacha bo‘lgan jarayonda rivojlanishiga yordam beradi.
Baʼzilar ko‘chat ekish jarayonida ildiz atrofini, tuproq solingandan so‘ng oyoq bilan bosib qo‘yishadi. Bu noto‘g‘ri. Chunki oyoq bilan bosilgach tuproq zichlashadi va uning orasida havo qolib ketish ehtimoli bor. Chuqurga solingan tuproq mayin bo‘lmaganligi uchun suv qo‘yilgach u bir tekis suvda erib, o‘z og‘irligi taʼsirida o‘tiradi va barcha havoni chiqazib, ildiz atrofini bir tekis tuproq bilan zichlab oladi.