SUV TEJOVCHI TEXNOLOGIYALARGA BAG‘ISHLANGAN SEMINAR

20.02.2021

167

SUV TEJOVCHI TEXNOLOGIYALARGA BAG‘ISHLANGAN SEMINAR

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 11 dekabrda qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ijrosini taʼminlash maqsadida Qo‘shtepa tumanidagi "FERGANA GLOBAL TEXTILE" MCHJ korxonasining yer maydonida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha seminar tashkil etildi.

Unda viloyat hokimining qishlok va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.Tursunov, Qo‘shtepa tumani hokimi I.Novikov va sektor rahbarlari, qishloq xo‘jaligi va suv xo‘jaligi bo‘limi boshliqlari, paxta to‘qimachilik hamda g‘allachilik klasterlari rahbarlari, viloyatda suv tejovchi texnologiyalarni quruvchi tashkilot rahbarlari qatnashdi.

Agar mavjud suv resurslarining salmoqli qismi qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishga sarflanishi eʼtiborga olinsa, bu beminnat neʼmatdan tejab-tergab foydalanish dolzarb masala ekanligi oydinlashadi. Shu maqsadda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilsa, hosildorlik ko‘tarilishi bilan birga, suvni tejash imkoniyati ham yuzaga keladi.

"FERGANA GLOBAL TEXTILE" MCHJ tomonidan dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biri “Netafim” kompaniyasi bilan hamkorlikda avtomatik tarzda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilinmoqda. Loyihadagi suv hovuzi 162x42 metr uzunlikda bo‘lib, 17000 m³ suv sig‘imini o‘z ichiga oladi. Hovuzni suv bilan taʼminlash maqsadida 2 ta tik quduq (skvajina) qurib bitkazilgan. Tejamkor usuldagi bu texnologiya bilan 200 gektar ekin maydoni tomchilatib sug‘oriladi.

Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha tashkil etilgan mazkur seminarda yangi texnologiyalarni o‘rnatish borasida yig‘ilganlarga soha mutaxassislari tomonidan tushuntirishlar berildi.

Manzil qo'shish

Fikr-mulohaza so'rovi shakli