
13.07.2020
TINIB-TINCHIMAGAN ODAMLAR NIMALARNI O‘YLAB TOPISHMAYDI-Ya!
“Ifoda”ning uzoq yillik hamkorlari, birgalikda hosil yetishtirib manfaat topayotgan mimrishkoru fermerlari ko‘p. Ulardan biri Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidagi “Turdiali Qodirov” fermer xo‘jaligi. Fermer xo‘jalik 10 yildan ortiq vaqt davomida Ifoda kompaniyasi agronomlari bilan bamaslahat ish tutib, sifatli hosil, yuksak xirmon ko‘tarib kelmoqda. Bu mavsumda ham g‘alladan 91 sentnerdan hosil oldi. Ayni pallada esa, xo‘jalik g‘o‘za parvarishiga bor eʼtiborini qaratgan.
– Erta bahordan chigitni IFO SEED bilan dorilab ekkanmiz, – deydi agronom Habibullo Jabborov. – Undan so‘ng ildiz qurtiga qarshi ENTOVANT PRO preparati bilan ishlov o‘tkazdik. Shuningdek, shira, trips, g‘o‘za qandalasi, o‘rgimchakkana kabi zararkunandalarga ham qarshi kurashganmiz. Ayni paytda hosil nishonalarini ko‘sak qurtining zararidan saqlash harakatidamiz. Bilasiz, bu paxtaning ashaddiy dushmani hisoblanadi.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, ko‘sak qurti(g‘o‘za tunlami)ning 3 ta davri bo‘lib, hozirgi vaqt oxirgi, yaʼni, eng xavfli davri hisoblanar ekan.
– Qo‘limdagi feromon haqida gapirmoqchiman, juda samarali ekan, – deydi “Turdiali Qodirov” fermer xo‘jaligi rahbari Hasanboy Qodirov. – Avvallari boshqa feromon-tutqichlardan foydalanar edik-da. Shuning uchun buning farqini darrov sezdik. Buning kapsulasida qandaydir bir gap bor-da. Aytishlariga qaraganda, bunda ko‘sak qurti kapalagi urg‘ochisining hidi bor ekan. Shuning uchun, asosan, kapalaklarning erkagi bunga tushar ekan.
Ana xolos! Bunaqa ixtirolarni eshitganda, “voy tinib-tinchimas odamlar-ey, nimalarni o‘ylab topishmaydi-ya!” deb yuboradi kishi. Demak, shu kapalaklar ham o‘z nafsining quli ekan-da. Hasanboy aka qo‘lidagi feromonda ko‘pgina kapalaklar nobud bo‘lib yotganini ko‘rish mumkin. Mana shunaqa tekinxo‘r, tayyoriga ayyorlarni laqqa tushiradigan tuzoqda bu. Ajab bo‘lsin! Ajab bo‘lsin, noinsof kapalaklar!