
Faqat zaruriy ehtiyojga muvofiq suv va o‘g‘it berish imkoniyati
18.02.2021
Ortiqcha sug‘orish yoki oz miqdorda suv berish, paxtadan ko‘zlangan hosil miqdoriga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ekin yetishtirishning oxirgi bosqichida ko‘saklarning ochilish darajasiga qarab suv berishni asta-sekin kamaytirib borish talab qilinadi. Masalan, g‘o‘za ko‘saklarining 10 foizi ochilganida suv miqdorini ham 10 foiz kamaytirib, ko‘saklar 25 foiz ochilganida oxirgi suv berish amalga oshirilishi maqsadga muvofiq.
Kuniga 1,5-2 sm o‘sib boruvchi o‘simlik hisoblanadigan paxtaning har hafta 10-14 sm o‘sishi to‘g‘ri sug‘orish amalga oshirilgani va hosildorlik ortganini bildiradi. An’anaviy sug‘orish usulida ekinga berilgan suv miqdorini o‘lchash, hisoblab borish imkonsiz, tomchilab sug‘orish tizimida esa ekinga berilayotgan suv miqdori dala ichiga o‘rnatilgan stansiyalar yordamida o‘lchanib nazorat qilinadi va tartibga solinadi. Shu orqali ekin bo‘yi va shonalar soni orasidagi nisbat talabga muvofiq tartibda bo‘lishi ta’minlanadi.