O'stirish tehnikasi Ғалла

    Kuzgi bug‘doy yetishtirishda uning parvarishi bo‘yicha barcha agrotexnika tadbirlarning o‘z vaqtida sifatli o‘tkazilishi mo‘l va sifatli don yetishtirishning asosiy omilidir.

    G‘alla yetishtirish texnologiyasi har bir mintaqada o‘ziga xos bo‘lib, e'tibor o‘sha tuproq-iqlim sharoitida yuqori va sifatli don yetishtirishga qaratilishi kerak.

    Kuzgi bug‘doyda har qanday sharoitda ham fiziologik jarayon davom etadi, uning rivoji uchun energiya zarur bo‘ladi. Kunlik harorat +3–5oS bo‘lganda qishlash davrida fotosintez jarayoni to‘xtab, faqat nafas olish jarayoni ustunlik qiladi. Bunda g‘alla ekish davrida berilgan fosforli va kaliyli mineral o‘g‘itlardan ildiz orqali sintez qilingan organik moddalar hisobiga nafas olish sodir bo‘ladi.

   YUqoridagilardan kelib chiqib, bug‘doy parvarishida qish faslida quyidagi agrotexnik tadbirlarni bajarishga alohida e'tibor berish lozim. Eng birinchi suv, ya'ni urug‘ suvidan keyin tuproq namligi DNSga nisbatan 65–70 foiz bo‘lganda 7–8 kunda ekilgan urug‘ tekis unib chiqadi. Maqbul muddatda ekilgan maydondagi urug‘ bir xilda tekis undirib olinib, 3–4 tadan tuplaganda g‘alla o‘simligining kuzgi rivoji, ildiz tizimining yaxshi rivojlanishi natijasida qishdan yaxshi chiqadi va ularning keyingi rivojlanishi, hosildorligi yuqori bo‘ladi.

    O‘rtacha 1 gektar maydonda 4,5–5 mln yoki 1 m2 da 450–500 tup nihol bo‘lganda g‘alla maydonini qoniqarli deb baho berish mumkin.

    G‘alla unib chiqqandan keyin 20–22 kun ichida tuplash fazasi boshlanadi. G‘alla nihollarining qishlovga tuplagan holda kirishi nihollarning sovuqqa chidamliligini oshirish bilan bir qatorda yuqori hosildorlikni ta'minlashda muhim omillardan biri hisoblanadi.

    G‘allaning kuzgi parvarishidan asosiy maqsad – g‘alla maydonlarida maqbul ko‘chat qalinligini saqlashdir. Urug‘ unib chiqmagan dalaning uvat qismlarida hamda simyog‘och atroflariga qo‘shimcha urug‘ ekish yo‘li bilan ko‘chat qalinligini shakllantirish kerak. G‘o‘za qator orasiga kuzgi bug‘doy ekilgan maydonlardagi g‘o‘zapoyani yer muzlagan vaqtida bug‘doy ildiziga zarar yetkazmasdan o‘rib, daladan olib chiqish va bug‘doy maydonlarining payhongarchiligiga yo‘l qo‘ymaslik, yana eng muhim agrotexnik tadbirlardan biri o‘rtacha 1 gektar maydonga 10 tonnadan mahalliy o‘g‘it jamg‘arish lozim.

    Har 5 gektar maydonga 50 tonna mahalliy o‘g‘itni sharbatga aylantirish uchun 1 donadan handaqlar qazib, dalaga chiqarilgan mahalliy o‘g‘itlarni handaqlarga solib, ustidan 5–10 sm qalinlikda tuproq bilan ko‘mib qo‘yish darkor.